Futzal. Ochkolаr yo‘qotilmoqda, intriga esa avjiga chiqmoqda
«O‘FF Prezidenti kubogi»da intriga tur sayin qizib bormoqda. 5-tur yakunlariga ko‘ra, musobaqada endi ochko yo‘qotmagan jamoa qolmadi. To‘rt tur davomida barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonib kelgan «Parma» ham bu safar durang bilan kifoyalanishga majbur bo‘ldi.
Yetakchi jamoani esa BMB havaskorlari chinakamiga «terlatishdi». Chempionatni biroz sust boshlaganiga qaramay, mazkur o‘yinda BMB haqiqiy xarakter ko‘rsatdi. Birinchi taymda Bekzod Musailovning 7-daqiqada kiritgan goli uchrashuvda hisobni ochdi va tanaffusgacha yagona bo‘lib qoldi. Ikkinchi bo‘limda «Parma» hisobni tenglashtirdi, biroq Aziz Mamatov yana jamoasini oldinga boshladi. Barcha muxlislar BMB endi g‘alabani qo‘ldan boy bermaydi, deb turgan bir paytda, himoyadagi tushunmovchilik bu bashoratning amalga oshishiga to‘sqinlik qildi. Ruslan Veklich bo‘sh qolgan darvozani aniq nishonga olib, «Parma»ni mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi — 2:2.
Turning eng dramatik uchrashuvlaridan biri «Istiqlol» va «Bojxona» o‘rtasida kechdi. «Istiqlol» 3:1 hisobida oldinda borib turib, o‘yin tizginini qo‘ldan chiqardi. Natijada «Bojxona» ketma-ket gollar urib, ajoyib kambekni amalga oshirdi — 5:3.
Gollar yomg‘irini esa «Kamol Construction» — SQB o‘yini taqdim etdi. SQB jamoasi beshta to‘p farqi bilan oldinga chiqib olgach, g‘alaba oson keladi, deya hotirjamlikka berildi. Ammo raqib bunga rozi bo‘lmadi va farqni minimum darajagacha qisqartirdi. Shunga qaramay, SQB baribir g‘alabani qo‘ldan chiqarmadi — 6:5.
IMV va TATU o‘rtasidagi bahs ham keskinlikka boy o‘tdi. Hisob bir necha bor o‘zgardi, biroq so‘nggi so‘zni TATU aytdi — 3:2.
Kunning eng yirik natijasi esa yoshlar terma jamoasi tomonidan qayd etildi. Ular musobaqa autsayderiga aylanib qolgan «Olimpik»ni ayamadi — 10:1. Ushbu o‘yinda Nizomiddin Ziyoxiddinov to‘rt bor raqib darvozasini ishg‘ol qilib, poker muallifiga aylandi va maydonning eng yorqin qahramoni bo‘ldi.
Shunday qilib, «O‘FF Prezidenti kubogi»da har bir tur syurprizlarga boy kechmoqda. Navbatdagi bellashuvlar 27-dekabr kuni bo‘lib o‘tadi va kurash yanada qizishi shubhasiz.
«O‘FF Prezidenti kubogi»
5-tur (20-dekabr, 2025-yil)
• «Parma» — BMB — 2:2
• «Istiqlol» — «Bojxona» — 3:5
• IMV — TATU — 2:3
• O‘zbekiston yoshlar t.j. — «Olimpik» — 10:1
• «Kamol Construction» — SQB — 5:6