Futzal. Milliy jamoa yig‘ini qizg‘in pallaga kirdi
Xose Mariya Mendes boshchiligidagi O‘zbekiston milliy futzal terma jamoasining navbatdagi o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini eng muhim bosqichga yetdi. Poytaxtimizdagi Milliy terma jamoalar markazi sport zalida o’tayotgan yiginda mashg‘ulotlar har kuni ikki mahaldan olib borilmoqda.
Ispaniyalik mutaxassis terma jamoaga jalb etilgan nomzodlarga o‘zining o‘yin falsafasi va zamonaviy futzal talablari asosidagi g‘oyalarni amaliy mashg‘ulotlar orqali singdirib bormoqda. Turli taktik ishlanmalar, kombinatsiyala ustida muntazam jiddiy ish olib borilmoqda.
Futzalchilarning jismoniy tayyorgarligini oshirishga qaratilgan mashg‘ulotlar ham rang-barang hamda qiziqarli tarzda tashkil etilmoqda.
Bu galgi yig‘inga portugaliyalik tajribali mutaxassis Nuno Migelning jalb etilgani jamoa uchun har tomonlama katta foyda berayapti. Ayniqsa, darvozabondan boshlanadigan tezkor hujumlar, pressing paytidagi harakatlar, darvozabonni beshinchi o‘yinchi sifatida hujumga qo‘shish kabi zamonaviy futzal elementlari bo‘yicha olib borilayotgan mashg‘ulotlar futbolchilar uchun muhim tajriba vazifasini o‘tamoqda.
Shuningdek, portugaliyalik murabbiy milliy, yoshlar hamda o‘smirlar terma jamoalari darvozabonlari uchun alohida mashg‘ulotlar tashkil etmoqda. Uning ishlash uslubi nafaqat darvozabonlar, balki terma jamoa murabbiylar shtabi hamda klub darvozabonlar murabbiylarida ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.
Mazkur yig‘in 12-iyunga qadar davom etadi. Shundan so‘ng Xose Mariya Mendes qisqa muddatga vataniga jo‘nab ketadi. Mutaxassis avgust oyida yana O‘zbekistonga qaytib, milliy terma jamoani rasmiy musobaqalarga tayyorlash jarayonini davom ettiradi.