locale OZ

Futzal. Mavsum yakunlari tahlil qilindi, kelgusi rejalar tasdiqlandi

O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov rahbarligida Federatsiyaning 2025/2026-yilgi mavsum yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Futbol
Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Futzal. Mavsum yakunlari tahlil qilindi, kelgusi rejalar tasdiqlandi
photo: UFF

O‘zbekiston futzal federatsiyasi prezidenti Bekzod Mamatqulov rahbarligida Federatsiyaning 2025/2026-yilgi mavsum yakunlariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘FF mutasaddilari, milliy terma jamoalar murabbiylari hamda federatsiyaning tarkibiy bo‘linmalari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilish avvalida O‘FF rahbari barchani mavsumning muvaffaqiyatli yakunlangani bilan tabrikladi. Qayd etilganidek, federatsiya tashkil etilganidan buyon qisqa vaqt ichida ikki marta O‘zbekiston kubogi, bir marta milliy chempionat va birinchilik musobaqalari yuqori saviyada tashkil etildi. Shuningdek, hududlarda futzalni rivojlantirish va ommalashtirish borasida sezilarli ishlar amalga oshirildi.

Shu bilan birga, ish jarayonida ayrim kamchilik va muammolar ham kuzatilgani, ulardan tegishli xulosa chiqarib, kelgusi mavsumga yanada puxta tayyorgarlik ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

— Mamlakatimiz futzal jamoatchiligi va ushbu sport turining minglab muxlislari O‘zbekiston futzal federatsiyasidan katta o‘zgarishlar va islohotlarni kutmoqda. Bu esa mutaxassislarimiz zimmasiga jiddiy mas`uliyat yuklaydi, dedi Bekzod Mamatqulov.


Yig‘ilishda O‘zbekiston futzalini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan Hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilayotgani ma’lum qilindi. Ushbu hujjat sohada tizimli o‘zgarishlar qilish va hududlarda futzal taraqqiyotiga yangi sur’at bag‘ishlashi kutilmoqda.

Majlis davomida kelgusi mavsum uchun ustuvor vazifalar ham belgilab olindi. Xususan, chempionat va Kubok musobaqalari amaldagi formatda saqlab qolingan holda ichki islohotlarni chuqurlashtirish, klublardagi legionerlar masalasini xalqaro tajriba asosida takomillashtirish, xorijlik darvozabonlarni jalb qilish hamda ular bilan ishlaydigan murabbiylar malakasini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Shuningdek, jamoalar tarkibida 2009-yil va undan keyin tug‘ilgan futzalchilar uchun ajratilgan kvotalarni kengaytirish, havaskorlar o‘rtasidagi “O‘FF Prezidenti kubogi” kabi musobaqalar geografiyasini yanada kengaytirish zarurligi qayd etildi. Bu kabi turnirlar yosh iste’dodlar uchun katta futzalga yo‘l ochib beruvchi muhim maydon vazifasini o‘tayotgani ta’kidlandi.

Yig‘ilishda hakamlik masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Milliy chempionat va Kubok bahslaridagi eng dolzarb masalalardan biri sifatida hakamlar saviyasini oshirish, O‘zbekiston futbol hakamlari markazi bilan hamkorlikni kuchaytirish va jamoalar tomonidan hakamlikka nisbatan e’tirozlar kelib chiqishining oldini olish yuzasidan vazifalar belgilab berildi.

O‘FF prezidenti zamonaviy futzalda klublar qoshida muxlislar klublari (“Fan Club”) faoliyatini yo‘lga qo‘yish muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi. Shuningdek, milliy terma jamoalar uchun kuchli terma jamoalarga qarshi nazorat uchrashuvlari tashkil etish, terma jamoalarga nomzod futbolchilarning sog‘lig‘ini doimiy nazorat qilish, jarohat olgan sportchilarni tezroq safga qaytarish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish, futzal tadbirlarini yanada sifatliroq yoritish bo‘yicha vazifalar yuklatildi.

Bundan tashqari, sohil futboli bo‘yicha milliy terma jamoa yig‘inlarini tashkil etish hamda hududiy liga g‘oliblari kubogi musobaqasini o‘tkazish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Yig‘ilish yakunida O‘zbekiston futzal federatsiyasi tarkibiy tizimida bir qator tashkiliy o‘zgarishlar amalga oshirilgani ma’lum qilindi.

Sport — bir bosishda!
Jamiyatlarimizga obuna bo‘ling va sport voqealaridan xabardor bo‘ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting