Futzal. «Lochin» parvozga shaylanmoqda
2026/2027-yilgi mavsumdan boshlab Namangan viloyatiga yana katta futzal qaytmoqda. Mamlakat chempionatlarida "Lokomotiv" nomi ostida ishtirok etib kelgan jamoa o‘z nomi, manzili va maqomini o‘zgartirib, Namangan viloyati sharafini himoya qiluvchi "Lochin" MCHJ professional futzal klubi sifatida qaytadan tashkil etildi va ro’yxatdan o’tkazildi.
Ayni paytda klubda yangi mavsumga tayyorgarlik ishlari qizg‘in davom etmoqda. Jamoaning o‘tgan mavsumdagi asosiy tarkibi deyarli to‘liq saqlab qolingan. Futzalchilarning aksariyati Namangan futzal maktabi tarbiyalanuvchilari hisoblanadi.
Shuningdek, murabbiylar shtabi yangi mavsum boshlanguniga qadar Namangan viloyatida o‘tkazilgan "Iste’dodlarni izlaymiz" seleksiya loyihasi g‘oliblarini ko’zdan kechirib, eng munosib, iqtidorli yoshlarni tarkibga jalb etishni ham rejalashtirgan.
Kuni kecha klubning yangi ramzi rasman tasdiqlandi va O‘zbekiston futzal federatsiyasiga taqdim etildi.
"Namanganlik futzal muxlislarining ishonchini oqlash uchun bor kuch va mahoratimizni safarbar etamiz. Har doim oldimizga yuqori maqsadlarni qo‘yib kelganmiz. Yangi mavsumda ham mamlakat chempionati, ham O‘zbekiston kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etib, sovrinli o‘rinlar uchun kurashishni maqsad qilganmiz," — deydi jamoa bosh murabbiyi Ahadjon Yusupov.