Futzal. Iste’dodlarni izlab: Namangan — futzal iste’dodlari maskani
O‘zbekiston futzal federatsiyasi ishchi guruhi tomonidan iste’dodli yoshlarni aniqlash va ularni terma jamoalarga jalb etish maqsadida mamlakatimiz hududlari bo‘ylab olib borilayotgan seleksiya ishlari davom etmoqda. Navbatdagi manzil Namangan viloyati bo‘ldi.
Bugun ishchi guruh Namanganga tashrif buyurib, hududdagi istiqbolli futzalchilar ishtirokida saralash mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mamlakatimiz futzali rivojiga munosib hissa qo‘shib kelayotgan Namangan viloyati azaldan iste’dodlarga boy maskan sifatida e’tirof etiladi. Bugungi ko‘rik jarayonlari ham bu tarif bejiz emasligini yana bir bor tasdiqladi.
Namangan viloyati futbol akademiyasi sport zalida tashkil etilgan saralashlarda 2007–2010-yillarda tug‘ilgan o‘nlab iqtidorli futzalchilar o‘z mahoratlarini terma jamoalar murabbiylariga namoyish etdilar. Yoshlarning texnik tayyorgarligi, o‘yin tafakkuri, jismoniy holati va salohiyati mutaxassislar tomonidan sinchkovlik bilan kuzatildi.
Farg‘ona vodiysi bo‘ylab seleksiya ishlari izchil davom etmoqda. Ishchi guruh a’zolari bugun kunning ikkinchi yarmida Andijon viloyatiga yo‘l oldilar. Ertaga, soat 10:00 da Andijon viloyati futbol akademiyasi sport zalida viloyatning eng istiqbolli futzalchilari ishtirokida tanishuv, nazorat va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Yosh iste’dodlarni kashf etish va ularning iqtidorini yuzaga chiqarishga qaratilgan bunday seleksiya tadbirlari kelajakda terma jamoalarimiz safini yangi nomlar bilan boyitishga xizmat qilishi shubhasiz.