Futzal. Iste’dodlarni izlab: Kelajak yulduzlari izidan
Mamlakatimiz bo‘ylab iqtidorli yoshlarni izlab topish va yangi iste’dodlarni kashf etish jarayoniga qiziqish tobora ortib bormoqda.
Jizzax viloyatida o‘tkazilgan ikki kunlik seleksiya ko‘rigida yuzdan ortiq yosh futzalchining ishtirok etgani buning yaqqol tasdig‘idir.
So‘nggi yillarda futzal markazlaridan biriga aylanib borayotgan Jizzaxda ushbu sport turining keng ommalashayotgani bejiz emas. Mashg‘ulotlar va nazorat uchrashuvlari davomida o‘z mahoratini namoyish etishga intilgan yoshlarning ishtiyoqi mutaxassislarda katta taassurot qoldirdi. Bunday iste’dodlar bilan qancha ishlansa ham ozdek tuyuladi.
O‘zbekiston futzal federatsiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan seleksiya ishlari kelajakda hali qirralari to‘liq ochilmagan o‘nlab yosh iste’dodlarni kashf etishga xizmat qiladi. Aynan shu futbolchilar ertaga terma jamoalarimiz safini to‘ldirib, xalqaro maydonlardagi muvaffaqiyatlarimizning muhim omiliga aylanishi mumkin.
Jizzax viloyatida Ishchi guruh a’zolari ko’rikka kelgan yoshlar murabbiylari bilan muloqot qilib, futbolchilar mahoratini muntazam oshirib borish, ko‘proq amaliyot bilan ta’minlash yuzasidan zarur tavsiyalar berishdi. Bunday futbolchilarga nafaqat terma jamoalarda, balki Oliy va Birinchi liga klublarida ham ehtiyoj katta ekanligi ta`kidlandi. Seleksiya yakunlariga ko‘ra esa eng istiqbolli o‘ndan ortiq futbolchi O‘FF ishchi guruhi kuzatuviga olindi.
O’FF ishchi guruhi bugun kunning ikkinchi yarmida navbatdagi manzil — Samarqand viloyati sari yo’lga chiqdi. Shu o'rinda eslatib o'tamiz, samarqandlik yoshlar tanlovi 26 — 27-iyun kunlari Viloyat futbol akademiya sport zalida soat 10:00 da boshlanadi.