Futzal. Hududiy liga g‘oliblari Respublika turniri o‘z laureatlarini aniqladi
Qariyb bir hafta davom etgan 2026-yilgi mavsumning mamlakatimiz futzalidagi so‘nggi musobaqasi — Hududiy liga g‘oliblari Respublika turniri o‘z nihoyasiga yetdi. Jizzax shahridagi Viloyat futbol akademiyasi sport zalida tantanali tarzda tashkil etilgan 3-o‘rin uchun bahs hamda final uchrashuvidan so‘ng g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Bronza medallari uchun mezbonlar — Jizzaxning “Ezgu niyat” hamda Xorazm viloyatining “Xonqa” jamoalari maydonga tushishdi. Guruh bosqichidagi o‘zaro uchrashuvdan farqli ravishda bu safar tashabbus to‘liq mezbonlar tomonida bo‘ldi va “Ezgu niyat” yirik hisobdagi g‘alabani qo‘lga kiritdi.
Chempionlik uchun kechgan final bahsida Toshkent shahrining “Parma” hamda Toshkent viloyati Harbiy okrugi TХO jamoalari o‘zaro kuch sinashdi. Qizig‘i, guruh bosqichidagi uchrashuvda “Parma” ham raqibidan ustun kelgandi. Hal qiluvchi finalda esa poytaxtliklar mutlaq ustunlik namoyish etib, TХO darvozasiga javobsiz 7 ta gol urishdi va musobaqa chempioniga aylanishdi.
Taqdirlash marosimi avvalida musobaqani professional darajada boshqarib borgan hakamlar — Asqar Arzibekov, Farrux Muzaffarov, Jahongir Allayev hamda Dilshod Ahmedov esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandilar.
Dasturni turli nominatsiyalar bo’yicha laureatlari, shuningdek, musobaqa g’olib hamda sovrindorlarini taqdirlash marosimi yakunlab berdi,
Turnirning individual sovrindorlari:
Eng yaxshi darvozabon — Abbos Iskandarov (“Xonqa”)
Eng yaxshi to‘purar — Suhrob Aytbayev (“Ezgu niyat”)
Eng yaxshi o‘yinchi — Aliakbar Bayburin (“Parma”)
Fair Play (Halol o‘yin) sovrini — “BuxDU”
Yakuniy natijalar:
3-o‘rin, bronza medallari va 10 million so‘mlik vaucher — “Ezgu niyat”
2-o‘rin, kumush medallari va 15 million so‘mlik vaucher — TХO
1-o‘rin, oltin medallari, Chempionlik kubogi hamda 25 million so‘mlik vaucher — “Parma”
Shu tariqa Hududiy liga g‘oliblari Respublika turniri yakunlandi va 2026-yilgi mavsumning navbatdagi musobaqasi ham tarix sahifasiga muhrlandi.