Futzal hakamligi: yangi mavsumda yangi talablar
Bugun O‘zbekiston futzal federatsiyasi rahbari Bekzod Mamatqulov O‘zbekiston futbol hakamlari markazi direktori Ma’mur Saidqosimov hamda futzal bo’yicha nazoratchi hakamlar va hakamlik bo‘yicha mas`ul Baxtiyor To‘g‘ayev bilan uchrashuv o'tkazdi.
Muloqot davomida yangi mavsum — mamlakat XXX milliy chempionati, O‘zbekiston kubogi va Superkubogi bahslarida hakamlik saviyasini yanada oshirish, uchrashuvlarni adolatli, shaffof va yuqori saviyada boshqarish masalalari muhokama qilindi.
O‘FF rahbari ortda qolgan mavsumda hakamlar tomonidan yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchilik va xatolarga to‘xtalib, futzal uchrashuvlarini boshqarish sifati bevosita musobaqalarning nufuzi va jamoalarning o‘yinga bo‘lgan munosabatiga ta’sir qilishini ta’kidladi.
— Bahslar qanchalik adolatli va shaffof boshqarilsa, jamoalarning o‘yinlarga bo‘lgan munosabati ham shunchalik ijobiy o‘zgaradi. Qiziqarli va murosasiz uchrashuvlar soni ortadi, sovrinli o‘rinlar uchun raqobat yanada kuchayadi, — dedi Bekzod Mamatqulov.
Shuningdek, O‘FF rahbari hakamlik darajasini oshirish bo‘yicha o‘z taklif va tavsiyalarini bildirib, bu yo‘nalishda O‘zbekiston futbol hakamlari markaziga har tomonlama ko‘mak berishga tayyorligini qayd etdi.
O‘zbekiston futbol hakamlari markazi direktori Ma’mur Saidqosimov bildirilgan takliflar uchun minnatdorlik bildirib, yangi mavsum oldidan futzal hakamligi borasida qator islohotlar amalga oshirilishini ma’lum qildi.
Shu kunning o‘zida O‘FF rahbariyati futzal musobaqalarida faoliyat yuritayotgan hakamlar bilan ham uchrashdi.
Unda Ma’mur Saidqosimov yangi mavsum oldidan futzal hakamlari uchun chuqurlashtirilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini tashkil etilishini, undan so‘ng esa hakamlardan normativlarni talabchanlik asosida topshirish imtihonlari o‘tkazilishini ta’kidladi.
— Futzal hakamligi darajasini oshirish masalasida O‘FF Prezidenti bilan fikrimiz bir joydan chiqdi. Endilikda katta futbol va futzal hakamligini birgalikda olib borish amaliyotiga chek qo‘yamiz. Hakamlarimiz futbol yoki futzal yo‘nalishidan birini tanlaydi. Chunki bu ikki sport turi bir-birini to‘ldirsa-da, ularning qoidalarida jiddiy farqlar mavjud. Har ikki yo‘nalishda birdek faoliyat yuritish oson emas. Ortiqcha e’tiroz va chalkashliklarning oldini olish maqsadida shu yo‘ldan borishga qaror qildik, — dedi Ma’mur Saidqosimov.
Demak, yangi mavsumda futzal hakamlariga yaratiladigan imkoniyatlar bilan bir qatorda ularga qo‘yiladigan talablar ham oshadi. Asosiy maqsad — har bir uchrashuvda xolislik, shaffoflik va yuqori professionallikni ta’minlashdir.