Futzal. Ertaga Buxoro shahrida Oliy liga 5-tur uchrashuvlari boshlanadi
Mamlakat milliy chempionati – Oliy liga jamoalarining 5-tur o‘yinlari ertaga qadimiy va hamisha navqiron Buxoro shahrida start oladi. Tur uchrashuvlariga 2024-yilgi Jahon chempionati o‘yinlari bo’lib o’tgan “Universal” sport majmuasi mezbonlik qiladi.
Mazkur tur Oliy ligada ikkinchi davrani boshlab beradi. Jamoalar davra doirasidagi dastlabki turda uchtadan uchrashuv o‘tkazishadi. O‘yinlar juda shiddatli va qiziqarli kurashlar ostida o‘tishi kutilmoqda. Barcha ishtirokchilar ikkinchi davrani muvaffaqiyatli boshlashni istaydi. Zero, qariyb bir oylik tanaffusdan keyin ikkinchi davrani ko‘tarinki kayfiyatda boshlash jamoalarning o‘z oldilariga qo‘ygan vazifalarini amalga oshirishda muhim ahamiyatga ega.
5-turda muxlislarni qator markaziy uchrashuvlar kutmoqda. Tur o‘yinlari taqvimi bilan yuqoridagi suratlar orqali tanishishingiz mumkin.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy chempionatining barcha uchrashuvlari “Sport” ijodiy birlashmasining “Futbol-TV” telekanallari orqali jonli efirda namoyish etiladi. Zangori ekranda tomosha qilish imkoniyati bo‘lmagan muxlislar uchun esa O‘FFning YouTube kanali yordam beradi — istalgan joyda mobil qurilmangiz orqali bahslarni jonli efirda kuzatish imkoniyatini taqdim etamiz.

Shuningdek, turga oid batafsil ma’lumotlar va matnli translatsiyani bizning Telegram kanalimizda ham kuzatib borishingiz mumkin.