locale OZ

Futzal bo'yicha Guliston jamoasi yana bir ochko olsa, Oliy liga yo'llanmasiga ega chiqadi

Ayni paytda Ravshan Tolipov boshqarayotgan jamoani Oliy ligadan atigi bir ochko ajratib turibdi, xolos.
Futbol
Sports24.uz'ni Google'ga qo'shish
Futzal bo'yicha Guliston jamoasi yana bir ochko olsa, Oliy liga yo'llanmasiga ega chiqadi
photo: UFF

Andijon shahridagi “Universal” sport majmuasida bo‘lib o‘tgan mamlakat milliy birinchiligi — Birinchi liganing 3-tur o‘yinlaridan so‘ng Sirdaryo viloyatining “Guliston” jamoasi Oliy liga yo‘llanmasiga yanada yaqinlashdi. Ayni paytda Ravshan Tolipov boshqarayotgan jamoani Oliy ligadan atigi bir ochko ajratib turibdi, xolos.

Xo‘sh, “Guliston”ning Oliy ligaga to‘g‘ridan to‘g‘ri chiqishiga to‘sqinlik qiladigan jamoa bormi? Nazariy jihatdan — ha.

Hozirga qadar sirdaryoliklar 11 ta uchrashuvda 31 ochko jamg‘arishdi. Eng yaqin ta’qibchilar — “Aral”, “Politexnik” va “Xorazm” jamoalari hisoblanadi. Ularning har biri 22 tadan ochkoga ega. Agar so‘nggi turda “Guliston” barcha uchrashuvlarida mag‘lubiyatga uchrasa, ta’qibchilar esa 100 foizlik natija qayd etsa, nazariy jihatdan vaziyat o‘zgarishi mumkin.

Bunday holatda ochkolar tenglashib qolsa, Reglamentga muvofiq o‘zaro uchrashuvlar natijasi birinchi navbatda inobatga olinadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, “Aral” raqobatdan chiqadi. Sababi, qoraqalpog‘istonliklar “Guliston” bilan ikki bor kuch sinashib, birida durang, ikkinchisida mag‘lubiyat qayd etgan.

Demak, sirdaryoliklarning asosiy raqiblari sifatida “Politexnik” va “Xorazm” qolmoqda.

“Guliston” birinchi turda jizzaxlik talabalarni 6:3, urganchliklarni esa 2:1 hisobida mag‘lub etgan. Albatta, har ikki jamoa so‘nggi — 4-turga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishi tabiiy. Ammo ular sirdaryoliklarni mag‘lub etgan taqdirda ham, “Guliston” zaxirasida “TerDU”ga qarshi bitta o‘yin bor...

Shunday ekan, tashkil etilgan kunidan boshlab Oliy ligani maqsad qilib, faoliyat yuritayotgan “Guliston”ning rejalari ro‘yobga chiqadigan kunlar kelishiga oz fursat qolmoqda. Jamoa tarkibi, futbolchilar salohiyati va umumiy imkoniyatlar jihatidan ham Oliy ligaga deyarli mos deyish mumkin. Faqatgina, yo‘llanma naqd deb, sirdaryoliklarning o‘zlari tayyorgarlikni bo‘shashtirib yuborishmasa, mo'jiza yuz bermaydi.

O‘z navbatida, Birinchi ligada ikkinchi o‘rinni egallagan jamoada ham Oliy ligaga chiqish imkoniyati borligini eslatib o‘tmoqchimiz. Buning uchun esa Oliy ligada 11-o‘rinni egallagan jamoaga qarshi o‘tish uchrashuvida g‘alaba qozonish kerak bo‘ladi. Mazkur imkoniyat uchun ham biz yuqorida ko‘rib chiqqan uchlik — “Aral”, “Xorazm” va “Politexnik” jamoalari kurash olib borishadi.

So‘nggi turda “Aral” “Xorazm”, “Jizzax FA” va “Bobur”ga qarshi maydonga tushadi. “Xorazm” esa “Aral”, “Guliston” va “Bobur” bilan kuch sinashadi. “Politexnik”ning raqiblari esa “Bobur”, “Guliston” hamda Yoshlar terma jamoasi bo‘ladi.

Taqvimdan ko‘rinib turibdiki, Birinchi liganing 4-turi juda qizg‘in va hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Har bir uchrashuvda intriga mavjud. Shu bois, birinchilik taqdirini belgilab beradigan ushbu turning birorta o‘yinini ham o‘tkazib yuborish mumkin emas.

Xulosa qilib aytganda, Oliy liga yo‘llanmasi va o‘tish uchrashuvi ishtirokchisini aniqlab beradigan 4-tur boshlanishini muxlislar katta qiziqish bilan kutmoqda.

Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting