Futzal. 11-tur bahslari Qarshi shahrida bo‘lib o‘tadi
Futzal bo‘yicha mamlakat milliy chempionati — Oliy liganing navbatdagi tur o‘yinlari muddati va manziliga aniqlik kiritildi. 11-tur bahslari joriy yilning 19-24-aprel sanasida Qarshi shahridagi “Geolog” sport majmuasida bo‘lib o‘tadi.
11-turda muxlislar bir qator voqeliliklar shohidi bo‘lishi kutilmoqda. Jumladan, bu turda XXIX milliy chempionatimizning 1000-goli kiritiladi. Ko'ramiz, u kimga va qaysi jamoaga nasib etarkin?
Mavsum peshqadami – amaldagi chempion “BMB PFC” o‘z unvonini muddatidan oldin himoya qilishi ehtimol ham yo‘q emas. Bunda jizzaxliklar turdagi barcha o‘yinlarida g‘alaba qozonishlaridan tashqari, asosiy ta’qibchilari ochko yo‘qotishi lozim bo‘ladi. Mazkur turda ikkinchi va uchinchi o‘rinlarda borayotgan “Oil Star” hamda SQB ning o‘zaro uchrashuvi borligini inobatga oladigan bo‘lsak, bashorat o‘zini oqlashi mumkin.
Nazariy jihatdan sovrinli o‘rinlari uchun kurashdan OKMK jamoasi ham chiqib ketmagan. Shu ma’noda Aleksandr Petrov shogirdlari shiddatli o‘yinlari bilan turni qizdirib berishlari kutilmoqda. O‘z muxlislari qarshisida o‘ynaydigan “Nasaf” ham har qanday raqibga qarshi bahsda tap tortmasdan “jangga” kirishishi aniq. Bu esa murosasiz o‘yinlar sonini oshiradi. Qolaversa, chempionatimizning boshqa jamoalari ham qarab turishmaydi. Qarshi shahridagi 6 kunlik bahslar futzal ishqibozlariga unutilmas lahzalarni tortiq etishiga ishonamiz.
Yana bir ma’lumot, Qashqadaryo viloyatidagi tur o‘yinlarini O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Xose Mariya Mendes bevosita kuzatib borish taraddudida. Milliy terma jamoa nomzodligiga erishish ilinjidagi barcha iste’dodli o‘yinchilarimiz uchun bu qo‘shimcha ishtiyoqdir.