Futbolchilarimning mentalitetidan xursandman – Kannavaro
O‘zbekiston milliy terma jamoasi BAAning Al-Ayn shahrida o‘tkazilgan xalqaro o‘rtoqlik turniri g‘olibiga aylandi. Eronga qarshi penaltilar seriyasidagi g‘alabadan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi.
- G‘alaba qozonish har doim yoqimli, futbolchilar, muxlislar xursand. Eronga qarshi o‘yin oson bo‘lmadi. Har doim kurashish kerak. Eron juda kuchli, ularga qarshi bo‘shashib bo‘lmaydi. Birinchi taymda o‘yinni nazorat qildik, juda yaxshi o‘ynadik. Uchta yaxshi imkoniyatdan foydalana olmadik. Ikkinchi taymda gol urolmadik, o‘yin penaltilar seriyasigacha bordi. Raqib darvozamiz oldida imkoniyat yaratmadi. Albatta, qizil kartadan keyin o‘yin qiyinlashdi. Futbolchilarimning mentalitetidan xursandman. Bir o‘yinchi kam bo‘lsak ham, raqibga hech qanday imkoniyat bermadik.
- Eron Osiyodagi eng kuchli jamoalardan biri, juda yaxshi futbolchilarga ega. Futbolchilarim qizil kartadan keyin qiyinchiliklarga yanada ko‘proq bardosh bera olishini tushundi, bir jamoa bo‘lib o‘ynadi. Bunday kuchli jamoaga qarshi kamchilik bo‘lib o‘ynash har doim qiyin.
- Birinchi kuni aytganimdek, ko‘p narsani o‘zgartirishni xohlamayman, faqat ba’zi jihatlarni yaxshilashni istayman. Biz ko‘proq himoya orqali hujumga o‘tishga harakat qildik. Ko‘proq muvozanatga, yuqori pressingga harakat qildik. Bu oddiy narsalar, o‘ziga xos jihati yo‘q. Jahon chempionatigacha vaqt ko‘pmas, ko‘p narsani o‘zgartira olmaymiz. Lekin omadim bor, juda aqlli o‘yinchilarga egaman. Ular mashg‘ulotlardan zavq olyapti. Terma jamoda ichki muhit ham yaxshi. Jamoani jismoniy taraflama yaxshilashimiz kerak. Mart oyida yana ko‘ramiz, jamoani jismoniy taraflama yaxshilashimiz kerak.
- Yangi nutrisiolog? U albatta bizga yordam beradi. Ovqatning sifati mayda narsa bo‘lishi mumkin, ammo keyinchalik yaxshi natijalarga olib keladi. Ammo nutrisiolog kelgani uchun g‘alaba qozondik deb aytolmayman.
- Penaltilar bo‘yicha mashg‘ulot qildik va qaysi o‘yinchilar yaxshi tepishini aniqlab oldim, shunga qarab tanladim. Ammo penaltilar ba’zan yaxshi, ba’zan yomon natija bilan tugaydi. Bugun penaltilar bo‘yicha Erondan yaxshiroq bo‘ldik. Va biz kubokni uyga olib ketamiz.
- Oston O‘runov yaxshi o‘ynashi kerak, uning salohiyati yuqori, lekin 45 daqiqadan keyin unda muammolar paydo bo‘lyapti. O‘yindan zavq olishi kerakligini o‘ziga ham aytdim. Bir o‘yinda yaxshi harakat qilib, ikkinchi o‘yinda sust bo‘lishini xohlamayman. Kelajakda unga yordam beramiz va ko‘proq barqarorlik kutib qolamiz.
- Yanvarda yig‘in o‘tkazamiz, lekin faqat mahalliy futbolchilar qatnashadi. Ko‘proq yoshlarni jalb qilamiz, - dedi Kannavaro.