Futbol o‘yinlariga chipta xarid qilish identifikatsiya orqali amalga oshiriladi
Фото: ЎФА
2026 yil 1 martdan boshlab futbol o‘yinlariga chipta olish uchun shaxsni tasdiqlash talab etiladi. Bu haqda Prezidentning joriy yil 21 avgust kuni qabul qilingan “O‘zbekistonda futbol sohasini raqamlashtirish va ommaviyligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, Raqamli texnologiyalar vazirligi va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining quyidagi imkoniyatlarga ega “Milliy futbol elektron platformasi” axborot tizimini (keyingi o‘rinlarda axborot tizimi) yaratish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullangan:
- Xalqaro futbol assotsiatsiyalari federatsiyasi talablari asosida stadionlardagi audio va videotasvirlarni yagona nuqtaga uzatish orqali futbol uchrashuvlarida video yordamchi hakam (VAR) tizimini yanada kengaytirish;
- Futbol akademiya va maktablari, shu jumladan, futbol bo‘limlari mavjud sport maktablari o‘quv mashg‘ulotlarini onlayn nazorat qilish, futbolchilarning tibbiy va jismoniy ko‘rsatkichlarini monitoring qilish hamda shaffof seleksiya tizimini joriy etish;
- Sohada amalga oshiriladigan loyihalarning konsepsiyasi, texnik-iqtisodiy parametrlari va boshqa loyiha (loyihaoldi) hujjatlarini ishlab chiqish hamda belgilangan tartibda vakolatli organlarda ekspertizadan o‘tkazish;
- Futbol akademiya va maktablari, shu jumladan, futbol bo‘limlari mavjud sport maktablarida xodim, murabbiy va futbolchilarning davomatini yuritish, videokonferensaloqa tizimini tashkil etish.
Roziqjon Sultonmurodov
Jurnalist