locale OZ

Futbol mahalladan boshlanadi: \"Andijon\" klubi kelajak chempionlarini tarbiyalashga kirishdi

Ana shunday ezgu maqsadlar ijrosini ta'minlash yo'lida “Andijon” futbol klubi ham yangi va istiqbolli loyihani amalga oshirishga kirishdi.
Futbol
Ibrohim Jalolov
Ibrohim Jalolov
Redaktor
Futbol mahalladan boshlanadi: "Andijon" klubi kelajak chempionlarini tarbiyalashga kirishdi
photo: Andijon fk

Mamlakatimizda sport, xususan futbolni yanada rivojlantirish, uni keng ommalashtirish va yosh avlodni sog'lom turmush tarziga jalb etish borasida Muhtaram Prezidentimiz tashabbusi bilan muhim qaror va dasturlar hayotga tatbiq etilmoqda. Bu esa o'z navbatida futbolning rivojlanishiga, iqtidorli yoshlarni kashf etishga hamda mamlakatimiz futbolining kelajagini mustahkamlashga xizmat qilmoqda.

Ana shunday ezgu maqsadlar ijrosini ta'minlash yo'lida “Andijon” futbol klubi ham yangi va istiqbolli loyihani amalga oshirishga kirishdi. Klub tomonidan viloyatning barcha shahar va tumanlarida bolalar futboli tizimini kengaytirish, yosh iste'dodlarni erta aniqlash hamda ularni professional tarzda tayyorlash maqsadida rasmiy tayyorlov markazlari tashkil etilmoqda.

Ushbu loyihaning asosiy g'oyasi – “Katta futbol mahalladan boshlanadi” tamoyilini hayotga tatbiq etishdan iborat. Zero, katta futbolga olib chiquvchi yo'l avvalo mahalla, maktab va kichik sport maydonlaridan boshlanadi. Shu ma'noda “Andijon” klubining mazkur tashabbusi nafaqat viloyat futboli, balki mamlakatimiz bolalar futboli rivoji uchun ham muhim ahamiyat kasb etadi. Shuni alohida taʼkidlash kerakki, ushbu loyihani shahsan klub bosh direktori oʼz nazoratiga olgan holda iqtidorli bolalarni izlash barobarida toʼliq qoʼllab-quvvatlamoqda.

Loyihaning ilk manzili Izboskan tumanidagi Chuvama mahallasi hududida joylashgan 26-maktab bo'ldi. Bu yerda tashkil etilgan ochilish marosimi haqiqiy futbol bayramiga aylandi. Tadbirda ko'plab ota-onalar farzandlari bilan ishtirok etib, klubning yangi loyihasi bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo'ldilar. Shu kuniyoq tayyorlov markaziga kelishuv asosida dastlabki yosh futbolchilar qabul qilindi.

Markaz faoliyati 6 yoshdan 16 yoshgacha bo'lgan bolalarni qamrab oladi. Bu esa futbolga qiziquvchi bolalarning iqtidorini erta aniqlash va ularni tizimli ravishda rivojlantirish uchun mustahkam poydevor vazifasini o'taydi.

Tantanali ochilish marosimi davomida tayyorlov markaziga qabul qilingan bolalarga “Andijon” klubining rasmiy futbolkalari hamda zarur sport anjomlari topshirildi. Bu esa yosh sportchilarning qalbida katta motivasiya va mas'uliyat tuyg'usini uyg'otdi.

Markazdagi mashg'ulotlarga OFKning “C” lisenziyasiga ega mutaxassis Abdulbori Murodjonov rahbarlik qiladi. Uning tajribasi va mehnati orqali kelajakda viloyatimizdan yangi-yangi iste'dodlar yetishib chiqishiga ishonch katta.

Bugungi kunda o'zbek futbolida yorqin yulduzlarga aylangan Abduqodir Husanov, Eldor Shomurodov kabi futbolchilar ham bir vaqtlar oddiy maydonlarda ilk qadamlarini tashlagan edilar. Balki bugun Izboskanda mashg'ulotlarni boshlagan yoshlar orasida ham kelajakda mamlakatimiz sharafini xalqaro maydonlarda munosib himoya qiladigan yangi Husanovlar va Shomurodovlar tarbiyalanayotgandir.

Eng muhimi, yaqin yillarda faoliyatini boshlashi rejalashtirilayotgan “Andijon” klubi akademiyasi uchun iqtidorli futbolchilar aynan shu tayyorlov markazlari orqali saralab olinadi. Bu esa hududlardagi iste'dodli bolalar uchun katta imkoniyatlar eshigini ochadi.

Quvonarlisi, mazkur loyiha izchil davom etmoqda. Bugun ikkinchi tayyorlov markazining ochilish marosimi Andijon shahrining Eski shahar hududida joylashgan 1-son texnikum maydonida bo'lib o'tadi. Bu kabi markazlar sonining ko'payishi esa futbolning eng chekka hududlargacha kirib borishiga, yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etishga va sog'lom avlod tarbiyasiga xizmat qiladi.

Bir so'z bilan aytganda, Muhtaram Prezidentimiz tomonidan futbol sohasini rivojlantirish bo'yicha belgilab berilgan vazifalar amalda o'z samarasini ko'rsatmoqda. “Andijon” futbol klubining mazkur loyihasi esa bu boradagi ezgu sa'y-harakatlarning yorqin namunasi bo'lib, kelajak chempionlarini tarbiyalash yo'lida muhim qadam sifatida tarixga muhrlanishi shubhasiz.

Sport — bir bosishda!
Jamiyatlarimizga obuna bo‘ling va sport voqealaridan xabardor bo‘ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting