Futbol bo‘yicha Jahon chempionati-2026: chiptalar narxi va sotib olish tartibi ma’lum qilindi
Futbol bo‘yicha Jahon chempionati-2026 11-iyun kuni boshlanadi va 19-iyulgacha davom etadi. Ushbu musobaqa tarixda ilk bor uchta mamlakatda — AQSh, Kanada va Meksikada tashkil etiladi va unda 48 terma jamoa ishtirok etadi.
Sotuv qachon boshlandi?
2025-yil 6-may kuni AQShda bo‘lib o‘tadigan o‘yinlar uchun premium mehmondo‘stlik paketlarini sotishning birinchi bosqichi boshlandi. Ushbu maxsus chiptalar FIFA’ning eksklyuziv hamkori OnLocation orqali tarqatilmoqda. Narxi bir kishi uchun $5300dan boshlab $73 200gacha yetadi.
Oddiy chiptalarni qanday sotib olish mumkin?
FIFA odatda chiptalarni to‘rt bosqichda sotuvga qo‘yadi:
1. Tasodifiy lotereya — murojaatlar qabul qilinib, omadli ishtirokchilar tanlab olinadi;
2. Jonli navbat — guruh bosqichi qur’asi o‘tkazilgandan keyin;
3. Ikkinchi lotereya — chipta sotib olish uchun yana bir imkoniyat;
4. Yakunlovchi sotuv — qolgan chiptalar faqat navbat asosida sotiladi.
Narxlar qancha bo‘ladi?
Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, oddiy chiptalar hali sotuvga chiqmagan, biroq taxminiy narxlar final uchun $300–1100, guruh bosqichi uchun esa $50–250 oralig‘ida bo‘lishi mumkin.