Futbol. Ayol hakamlarning o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini yakunlandi
Milliy futbol markazida ayol hakamlar uchun tashkil etilgan o‘quv-mashg‘ulot yig‘ini yakuniga yetdi. Yangi mavsum oldidan o‘tkazilgan mazkur yig‘inda Ayollar Oliy ligasi hamda Birinchi liga uchrashuvlarida faoliyat yuritadigan bosh hakamlar va yordamchi hakamlar ishtirok etdi.
Dastur doirasida hakamlarning jismoniy tayyorgarligini oshirish hamda o‘yin jarayonida to‘g‘ri va tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalarini takomillashtirishga alohida e’tibor qaratildi.
Mashg‘ulotlar nazariy va amaliy darslarni qamrab oldi. Unda turli o‘yin epizodlari tahlil qilinib, qoidalar bo‘yicha bilimlar mustahkamlandi. Shuningdek, maydondagi harakatlanish va to‘g‘ri joylashuv bo‘yicha mashqlar bajarildi.
Yig‘in yakunida hakamlarning jismoniy holati maxsus testlar orqali baholanib, yangi mavsum oldidan ularning tayyorgarlik darajasi ko‘zdan kechirildi.