Futbol. “1-liga o‘tish turniri — 2025” musobaqasi yakunlandi
Xabaringiz bor, yil davomida Respublikamizning tuman va shaharlarida yarim professional va havaskor jamoalar o‘rtasida 2-liga musobaqalari o‘tkazib kelinadi. Hozirga kelib, yarim professional va havaskor jamoalar soni jami 229 taga yetdi.
O‘FA muntazam ravishda yil yakunida 2-liga g‘olib va sovrindor jamoalari o‘rtasida “1-liga o‘tish turniri”ni tashkil etib kelmoqda. Ushbu turnir yosh iqtidorli futbolchilarni professional futbolga jalb etish, jamoalar saviyasini oshirish, o‘yin amaliyotini ko‘paytirish hamda 1-liga uchun munosib, raqobatbardosh jamoalar sonini oshirishga xizmat qilmoqda.
Joriy yilgi "1-liga o‘tish turniri" 1–8 dekabr kunlari Jizzax shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan jami 15 ta jamoa ishtirok etdi.
Musobaqaning final bahsida Namangan viloyatining “Barkamol” jamoasi va Toshkent viloyatining “Nurafshon” jamoasi kuch sinashdi. Yakunda “Nurafshon” jamoasi 4:1 hisobida g‘alaba qozonib, bosh sovrinni qo‘lga kiritdi. Musobaqaning 3-o‘rinini Surxondaryo viloyatining TERDU jamoasi egalladi.