“Fulhem” Gonsalo Garsiyani 60–70 mln yevroga baholamoqda
“Fulhem” yozda “Real Madrid”dan transfer qilingan hujumchi Gonsalo Garsiyani 60–70 million yevroga baholamoqda. 22 yoshli ispaniyalik futbolchiga bir qator top-klublar qiziqish bildirmoqda. Bu haqda insayder Ekrem Konur xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Garsiyani “Arsenal” va “Aston Villa” muntazam kuzatib bormoqda. “Real Madrid” esa futbolchi bo‘yicha qayta sotib olish huquqini saqlab qolgan. Shuningdek, madridliklar uning kelajakdagi transferidan tushadigan mablag‘ning bir qismini olish huquqiga ega.
“Fulhem” esa hozircha hujumchini sotishni rejalashtirmayapti. Klub Garsiyani uzoq muddatli loyiha uchun muhim futbolchi deb hisoblamoqda va qishki transfer oynasida uning ketishini istamaydi. Kelajakda esa londonliklar faqat 60–70 million yevro atrofidagi takliflarni ko‘rib chiqishi mumkin.
Ma’lumot uchun, Gonsalo Garsiyaning “Fulhem” bilan shartnomasi 2031-yilgacha amal qiladi. U joriy Premyer-liga mavsumida beshta uchrashuvda maydonga tushib, bitta gol urgan.