«Fulhem» Garri Uilsonni jamoada saqlab qolish uchun harakat qilmoqda
«Fulhem» klubi jamoa yarimhimoyachisi Garri Uilson bilan shartnomani uzaytirish ustida faol ish olib bormoqda. Bu haqda Evening Standard nashri xabar bermoqda.
Futbolchining londonliklar bilan amaldagi kelishuvi shu yozda o‘z nihoyasiga yetadi. Uilsonning erkin agentga aylanish ehtimoli Premyer-liganing bir qator klublari e’tiborini tortmoqda, bu esa jamoani tezroq harakat qilishga majbur qilmoqda.
O‘tgan haftada «Everton» uelslik xavbekni o‘z safiga qo‘shib olishga urinib koʻrdi, biroq London klubi bu taklifni rad etdi. Jamoa bosh murabbiyi Marku Silva ham ushbu transferning amalga oshishiga «hech qanday imkoniyat bo‘lmaganini» tasdiqladi.
Qayd etilishicha, Garri Uilsonning yakuniy qarori murabbiy Marku Silvaning kelajagi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin. Mutaxassisning klub bilan shartnomasi ham 2026 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Futbolchi murabbiy bilan olib borilayotgan muzokaralar natijasini kutmoqda.
Ma’lumot uchun, Garri Uilson «Fulhem» loyihasining muhim bo‘laklaridan biri hisoblanadi. U jamoa safida jami 173 ta o‘yinda maydonga tushib, 34 ta gol urdi va 43 ta golli uzatmani amalga oshirdi.