Fransiyada muxlislarga stadionda siyosiy norozilik bildirish taqiqlandi
Fransiya futbol federatsiyasining etika bo‘yicha mas’ul organi muxlislardan stadionlarda siyosiy norozilik namoyishlarini o‘tkazmaslikni talab qildi. Ushbu chaqiriq mamlakatda davom etayotgan talabalar namoyishlari va futbol uchrashuvlarida namoyish etilgan bannerlardan so‘ng yangradi. Bu haqda Associated Press axborot agentligi xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, “Lans” va “Lion” o‘rtasidagi Liga 1 uchrashuvida mezbon muxlislar politsiya harakatlarini qoralovchi banner ko‘targan. PSJ va “Le-Man” o‘yinida ham ishqibozlar namoyishchilarga birdamlik bildirishgan. Mazkur holatlar Fransiya futbolining etika bo‘yicha milliy kengashi e’tiborini tortgan.
Tashkilot muxlislarning noroziligiga sabab bo‘layotgan voqealarni tushunishini bildirgan. Biroq sport maydonlarida siyosiy, mafkuraviy va boshqa shu turdagi targ‘ibotlarga yo‘l qo‘yilmasligi kerakligini ta’kidlagan. Kengash stadionlar turli qarashlar o‘rtasidagi bahs maydoniga emas, futbol bayrami o‘tkaziladigan maskanga aylanishi lozimligini qayd etgan.
Ma’lumot uchun, Fransiyada talabalar noroziliklari ortidan politsiya bilan to‘qnashuvlar yuz bergan. Mamlakat bo‘ylab minglab namoyishchilar qo‘lga olingan. Ushbu vaziyat futbol muxlislarining ham munosabat bildirishiga sabab bo‘lgan. Federatsiya etika kengashining bayonoti esa ishqibozlarni siyosiy betaraflik tamoyiliga rioya qilishga chaqirishga qaratilgan.