Fransiya terma jamoasining ikki asosiy himoyachisi JCh-2026 yarim finali oldidan mashg‘ulotni o‘tkazib yubordi
Fransiya terma jamoasi markaziy himoyachilari Vilyam Saliba va Dayot Upamekano (Deotshankyul Yupamekano) Jahon chempionati yarim finali bo‘lib o‘tadigan Dallas shahriga jo‘nab ketish oldidan jamoaning umumiy mashg‘ulotlarida ishtirok etmadi. Bu haqda Mundo Deportivo nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, har ikki futbolchi sog‘lig‘idagi muammolar sababli, ehtiyot chorasi sifatida umumiy guruhdan alohida, individual dastur asosida shug‘ullangan. Avvalroq Saliba belidagi og‘riqlar tufayli ushbu turnirdagi o‘yinlar unga oson kechmayotganini tan olgandi. Upamekanoning nega individual mashg‘ulotga o‘tganiga esa aniqlik kiritilmagan.
Eslatib o‘tamiz, JCh-2026 1/2 finali doirasidagi Ispaniya — Fransiya uchrashuvi 14-iyul kuni bo‘lib o‘tadi. O‘yin Toshkent vaqti bilan 15-iyulga o‘tar kechasi soat 00:00 da start oladi.