Fransiya – Ispaniya uchrashuvi bir daqiqalik sukut bilan boshlanadi
2026-yilgi FIFA Jahon chempionatining yarim finalidan o‘rin olgan Fransiya – Ispaniya uchrashuvi boshlanishidan avval stadionda bir daqiqalik sukut saqlanadi.
Mazkur qaror 2016-yil 14-iyul kuni Fransiyaning Nitssa shahrida sodir etilgan terrorchilik hujumining 10 yilligi munosabati bilan qabul qilindi. O‘sha fojeada 86 kishi halok bo‘lgan, yuzlab insonlar turli darajada jarohat olgan edi.
Fransiya siyosatchilari va Nitssa shahri rahbariyati FIFAga yarim final bahsi oldidan qurbonlar xotirasini yod etish maqsadida bir daqiqalik sukut e'lon qilishni so‘rab murojaat qilgan. FIFA ushbu tashabbusni ma'qullagan.
Eslatib o‘tamiz, Fransiya va Ispaniya o‘rtasidagi JCh-2026 yarim final uchrashuvi 14-iyul kuni AQShning Arlington shahrida bo‘lib o‘tadi.