Fransiya chempionatining eng yaxshi futbolchisi bo‘lishga nomzodlar e’lon qilindi
Fransiya professional futbolchilar milliy uyushmasi (UNFP) Liga 1 joriy mavsumining eng yaxshi o‘yinchisi unvoni uchun da’vogarlar ro‘yxatini taqdim etdi.
Mazkur nufuzli mukofot uchun kurashadigan besh nafar futbolchi ro‘yxatidan PSJning uch a’zosi: hujumchi Usman Dembele, himoyachi Nunu Mendesh va yarimhimoyachi Vitinya o‘rin oldi. Shuningdek, nomzodlar qatoriga «Marsel» hujumchisi Meyson Grinvud hamda «Lans» forvardi Floryan Toven ham kiritilgan.
«Har dam olish kunlari ular o‘yinni tomoshaga, to‘pni esa sehrga aylantirmoqdalar», — deya yoziladi UNFPning X ijtimoiy tarmog‘idagi rasmiy sahifasida.
Fransiya chempionatining 30-turidan so‘ng turnir jadvalida PSJ 69 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Ikkinchi pog‘onani 63 ochko jamg‘argan «Lans» jamoasi egallab turibdi.