Franchesko Totti «Roma»ga qaytishi mumkin
«Roma» klubi va Italiya terma jamoasining afsonaviy sobiq hujumchisi Franchesko Totti o‘zining qadrdon jamoasiga qaytishi mumkinligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.
«Roma»ga qaytish? Biz buni muhokama qilyapmiz. Hali aniqlashtirilishi kerak bo‘lgan bir nechta detallar bor, biroq shuni ayta olamanki, ish ketyapti. Ko‘ramiz, voqealar rivoji qanday kechar ekan. Hozircha bundan ortig‘ini ayta olmayman», — deya Tottining so‘zlarini keltiradi Sky Sport Italia.
Avvalroq matbuotda Franchesko Totti klubga texnik direktor lavozimida qaytishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi. Ma’lumot uchun, Totti «Roma» tarixidagi eng yaxshi to‘purar hisoblanadi — u jamoa libosida 785 ta o‘yinda maydonga tushib, 307 ta gol urgan. Italiyalik futbolchi 2017 yilda professional faoliyatini yakunlagan edi.
Hozirda «Roma» Italiya A Seriyasi turnir jadvalida 4-o‘rinni egallab turibdi va Chempionlar Ligasi yo‘llanmasi uchun jiddiy kurash olib bormoqda.