Franchesko Totti basketbol klubida maslahatchi bo‘lib ishlaydi
“Roma” afsonasi Franchesko Totti yangi tashkil etilgan “Maxima Roma” basketbol klubi loyihasiga qo‘shildi. 49 yoshli italiyalik sobiq futbolchi klub rahbariyatiga maslahatchi sifatida yordam beradi. “Maxima Roma” joriy yilning iyun oyida amerikalik tadbirkor Pol Matiasich tomonidan tashkil etilgan.
Tottining vazifalari faqat maslahat berish bilan cheklanmaydi. U klub muxlislar bazasini rivojlantirish, yangi tarafdorlarni jalb qilish hamda ijtimoiy loyihalarda ham ishtirok etadi. “Maxima Roma” yangi mavsumda Italiya A Seriyasi va Yevrokubokda qatnashadi.
Loyihaga yana bir taniqli futbolchi — Chiro Immobile ham jalb qilinishi mumkin. U klub tomonidan e’lon qilingan tanishtiruv videosida ko‘rinish bergan.
Ma’lumot uchun, Totti butun professional futbolchilik faoliyatini “Roma”da o‘tkazgan va 2017-yilda faoliyatini yakunlagan. Endi u sportdagi yangi bosqichini basketbol sohasida boshlamoqda.