Florentino Peres: «Negreyra ishi — futbol tarixidagi eng yirik korrupsion mojarodir»
Madridning «Real» klubi prezidenti Florentino Peres «Barselona» va hakamlar texnik qo‘mitasi (CTA) sobiq vitse-prezidenti Xose Mariya Negreyra o‘rtasidagi hamkorlikning korrupsion jihatlariga to‘xtalib o‘tdi. «Qaymoqranglilar» rahbari ushbu ish bo‘yicha tegishli hujjatlar UEFAga taqdim etilganini ma’lum qildi.
«Yaqinda biz «Barselona»ning «Negreyra ishi» haqida bildik va bu hali ham davom etayotgan aql bovar qilmas vaziyatdir. Korrupsiya ishi! Futbol tarixidagi eng yirik mojaro. «Barselona» yigirma yil davomida to‘lovlarni amalga oshirgan, o‘sha hakamlar esa hamon faoliyat yuritmoqda. Buni tasavvur qilib bo‘lmaydi! Biz zudlik bilan UEFAga hujjatlarni taqdim etamiz, chunki bu vaziyat tartibga solinishini talab qiladi», — dedi Peres matbuot anjumanida.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilda «ko‘k-anorranglilar»ga Ispaniya Qirollik futbol federatsiyasida (RFEF) ishlagan Negreyraga to‘lovlarni amalga oshirishda poraxo‘rlik aybi qo‘yilgan edi. «Barselona» 2001 yildan 2018 yilga qadar taxminan 8,4 million yevro miqdorida to‘lovlarni amalga oshirganlikda ayblangan.
Kataloniya klubi talqiniga ko‘ra, Negreyra hakamlik bo‘yicha texnik hisobotlarni tuzish uchun tashqi maslahatchi sifatida yollangan. CTA sobiq vitse-prezidenti esa hakamlarga ta’sir o‘tkazish maqsadida pora olganini rad etib keladi.