Flik: «U qachon oʻzini yaxshi his qilsa, shundagina jamoaga qaytadi»
«Barselona» bosh murabbiyi Hans-Diter Flik Ispaniya La Ligasining 23-turi doirasidagi «Malyorka»ga qarshi bahs oldidan jamoa hujumchisi Rafinyaning tiklanish jarayoni haqida to‘xtalib o‘tdi.
«Biz kutishimiz kerak. U qachon o‘zini yaxshi his qilsa, shundagina jamoaga qaytadi, undan oldin emas. Bu biz amal qilishimiz kerak bo‘lgan yo‘ldir», — deya Flikning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda AS nashri.
Eslatib o‘tamiz, braziliyalik futbolchi o‘ng sonidagi yaqinlashtiruvchi mushak jarohati tufayli Ispaniya Kubogi 1/4 finalidan o‘rin olgan «Albasete»ga (2:1) qarshi bahsni o‘tkazib yuborgan edi.
Ma’lumot uchun, Rafinya joriy mavsumda «ko‘k-anorranglilar» safida barcha musobaqalarda 22 ta uchrashuvda maydonga tushib, o‘z hisobiga 13 ta gol va 4 ta assist yozdirib qo‘yishga ulgurdi.