Flik: «Maqsadimiz — barcha oʻyinlarda gʻalaba qozonish»
«Barselona» bosh murabbiyi Hans-Diter Flik Ispaniya La Ligasining 28-turidan o‘rin olgan «Sevilya»ga qarshi uchrashuv oldidan o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi. Mazkur bahs bugun, 15 mart kuni bo‘lib o‘tadi.
«Bizni juda muhim hafta kutib turibdi, chunki oldinda uchta uchrashuv bor. Maqsadimiz — barcha o‘yinlarda g‘alaba qozonish. Bu oson kechmaydi. «Sevilya» o‘zining kuchli tomonlarini namoyish qilib bo‘ldi: ular yuqori pressing qo‘llashadi va yakkama-yakka kurashlarda juda faol harakat qilishadi. Shunga qaramay, jamoam o‘ziga ishongan holda va qat’iyat bilan o‘ynashini istayman», — dedi Flik.
Ispaniya chempionatining 27-turidan keyin 67 ochko jamg‘argan «Barselona» turnir jadvalida yetakchilik qilmoqda va ikkinchi o‘rindagi «Real Madrid»dan bir ochko oldinda bormoqda. «Sevilya» esa 31 ochko bilan 13-pog‘onani egallab turibdi.