Flik Kundening holati haqida: “U eng yaxshi formasiga qaytish uchun tinimsiz ishlamoqda”
“Barselona” bosh murabbiyi Xansi Flik jamoa himoyachisi Jyul Kundening joriy holati haqida fikr bildirdi. Nemis mutaxassisi fransiyalik futbolchining mavsumni asosiy tarkib futbolchisi sifatida boshlamaganini, biroq bu vaziyatni o‘zi uchun yangi chaqiriq sifatida qabul qilganini ta’kidladi.
Flikning so‘zlariga ko‘ra, Kunde markaziy himoyada ham o‘ynay oladi, ammo murabbiy undan ko‘proq qanotda foydalanishni afzal ko‘rmoqda. Mutaxassis jamoa manfaatlari doimo birinchi o‘rinda turishini qayd etgan.
“U haqiqiy professional. Eng yaxshi formasiga qaytish uchun juda ko‘p ishlamoqda”, — deya Kundening yondashuvini yuqori baholagan Flik.
Ma’lumot uchun, Kunde joriy mavsum La Ligadagi uchala uchrashuvda ham maydonga tushgan. Biroq dastlabki ikki bahsni zaxira o‘rindig‘ida boshlagan.