Fil Foden shartnoma masalasi hal bo‘lmasa, «Manchester Siti»ni tark etishga tayyor
«Manchester Siti» hujumkor yarimhimoyachisi Fil Foden, agar 2027 yilning yozida yakuniga yetadigan shartnomasi bilan bog‘liq vaziyat yaqin oylarda ijobiy hal etilmasa, jamoadan ketishga tayyor. Bu haqda Football Insider nashri xabar bermoqda.
Manbaning ma’lum qilishicha, 25 yoshli futbolchi «shaharliklar» safida o‘ziga berilayotgan o‘yin amaliyoti miqdoridan qoniqmayapti. Foden, agar klub bilan kelishuvga erishilmasa, Angliyani butunlay tark etib, faoliyatini boshqa mamlakatda davom ettirish variantini ko‘rib chiqmoqda.
Ta’kidlanishicha, «Manchester Siti» rahbariyati tarbiyalanuvchisining jamoani tark etishini istamayapti.
Joriy mavsumda Foden barcha turnirlar doirasida 41 ta o‘yinda maydonga tushib, 10 ta gol va 5 ta golli uzatmani o‘z hisobiga yozdirib qo‘ydi. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining ayni damdagi bozor qiymati 80 million yevroni tashkil etadi.