FIFA va IFAB Vinisius bilan bogʻliq voqeadan soʻng yangi qoida boʻyicha kelishib oldi
FIFA va Xalqaro futbol assotsiatsiyalari kengashi (IFAB) irqchilikka qarshi kurash doirasida yangi tartib — «Vinisius qonuni»ni joriy etishga kelishib oldi. Bu haqda nufuzli AS nashri xabar bermoqda.
28 fevral, shanba kuni bo‘lib o‘tgan IFAB assambleyasida futbolchilarga raqib bilan muloqot chog‘ida og‘izlarini har qanday narsa, jumladan, futbolka yoki qo‘l bilan yopishni taqiqlash bo‘yicha qaror qabul qilindi. Ushbu tashabbus shu yozda AQSH, Meksika va Kanadada o‘tkaziladigan Jahon chempionati boshlanishidan oldin rasman tasdiqlanadi.
Mazkur qat’iy choraning ko‘rilishiga yaqinda Chempionlar Ligasi pley-off bosqichi doirasidagi «Benfika» va «Real» uchrashuvida yuz bergan janjal turtki bo‘ldi. O‘yin davomida «Benfika» hujumchisi Janluka Prestianni va madridliklar vingeri Vinisius Junior o‘rtasida nizo kelib chiqqan.
Prestianni braziliyalik futbolchiga yuzlanib, og‘zini futbolkasi bilan yopgan holda gapirgan. Uchrashuvdan so‘ng Prestianni Vinisiusni irqiy kamsituvchi so‘zlar bilan haqorat qilgani haqida xabarlar tarqaldi.
Yangi qoidadan ko‘zlangan asosiy maqsad — maydondagi haqoratlar va irqchilik holatlarini yashirishga yo‘l qo‘ymaslikdir. Og‘izning yopiq bo‘lishi hakamlar va videokameralarga futbolchilarning nima deganini aniqlashga xalaqit beradi. «Vinisius qonuni» esa futbolchilarni o‘z so‘zlari uchun mas’uliyatli bo‘lishga majbur qiladi.