FIFA Tomas Parti bilan bogʻliq vizasiz vaziyatga munosabat bildirdi
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Gana terma jamoasi yarimhimoyachisi Tomas Partiga Kanada hukumati tomonidan viza berilmagani va shu sababli u JCh-2026 doirasidagi Panamaga qarshi uchrashuvda (18-iyun) ishtirok eta olmasligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Bu haqda The Athletic nashri FIFA bayonotiga tayanib xabar bermoqda.
«FIFA Gana terma jamoasining AQSHning Boston shahridagi bazaviy lagerida boʻlib turgan futbolchi Tomas Parti payshanba kuni, 18-iyun sanasida Panamaga qarshi oʻtkaziladigan dastlabki oʻyin uchun Kanadaga yoʻl ola olmasligini tasdiqlaydi. Chunki uning viza olish boʻyicha bergan arizasi Kanada hukumati tomonidan rad etilgan.
FIFA mezbon mamlakatlarning immigratsiya jarayonlariga, jumladan, viza masalalarini koʻrib chiqishga aralashmaydi. Avvalgi FIFA tadbirlarida boʻlgani kabi, kim viza olishi va mamlakatga kirishiga ruxsat berilishi borasidagi yakuniy qarorni mezbon davlat hukumatining oʻzi qabul qiladi», — deyiladi tashkilot bayonotida.
Qayd etish joizki, Kanada hukumatining rasmiy saytida «agar siz jinoyat sodir etgan boʻlsangiz yoki unda aybdor deb topilgan boʻlsangiz, sizga Kanadaga kirish rad etilishi mumkin» degan qoida koʻrsatilgan.
Maʼlumot uchun, 2025-yilning iyul oyida London politsiyasi Partini bir nechta holat boʻyicha zoʻrlashda ayblagan edi. Ganalik futbolchi oʻz aybini tan olmagan va hozirda sud jarayonini kutmoqda.