FIFA Saudiya Arabistonidagi xalqaro musobaqani kechiktirdi
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Saudiya Arabistonida o‘tkazilishi rejalashtirilgan FIFAe Finals 2026 turnirini noma’lum muddatga kechiktirdi. Tashkilotchilar mamlakatdagi xavfsizlik vaziyati va musobaqani tashkil etish bilan bog‘liq qiyinchiliklar sabab shunday qarorga kelgan. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, FIFA va Saudiya Arabistoni kibersport federatsiyasi musobaqani belgilangan sanalarda o‘tkazmaslikka kelishgan. Turnir dastlab 16–25-oktabr kunlari Jidda shahrida tashkil etilishi kerak edi. Biroq mintaqadagi so‘nggi hodisalar tayyorgarlik jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.
Xavfsizlik bilan bog‘liq xavotirlar sabab Yaponiya va Braziliya ham o‘z kibersport jamoalarini musobaqadan qaytarib olgan. Tashkilotchilar ishtirokchilar xavfsizligini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda turnirni boshqa muddatda o‘tkazishga qaror qilgan.
Ma’lumot uchun, FIFAe Finals — FIFA tomonidan tashkil etiladigan xalqaro futbol kibersporti musobaqasi hisoblanadi. Unda turli mamlakatlardan kelgan ishtirokchilar virtual futbol bo‘yicha bellashadi. Hozircha turnirning yangi sanasi rasman e’lon qilinmagan.