FIFA rahbari Janni Infantino Toshkentga tashrif buyurdi
FIFA prezidenti Janni Infantino 29–30-sentabr kunlari rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ladi. Tashrifdan asosiy maqsad mamlakatimizda futbolni ommalashtirish, futbol infratuzilmasini rivojlantirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash hamda FIFA va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashdan iborat.
Manbaga ko‘ra, FIFA delegatsiyasi tashrif davomida O‘zbekistonda futbolni rivojlantirishga qaratilgan bir qator loyihalar va obyektlar bilan tanishadi. Shuningdek, ommaviy futbol qamrovini kengaytirish, yosh futbolchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish hamda yangi tashabbuslarni amalga oshirish masalalari muhokama qilinadi.
Tashrif doirasida Infantino Toshkentdagi 90-sonli maktabga ham bordi. FIFA rahbari bu yerda FIFA Arena loyihasi doirasida qurilgan yangi futbol maydonining ochilish marosimida ishtirok etdi. Tadbirda O‘zbekiston sport vaziri, O‘FA rahbariyati hamda futbol faxriylari ham qatnashdi.
Ma’lumot uchun, Janni Infantinoni Toshkent xalqaro aeroportida sport vaziri Adham Ikramov va O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi birinchi vitse-prezidenti Ravshan Irmatov kutib oldi. FIFA rahbarining O‘zbekistondagi tashrifi ikki kun davom etadi.