FIFA pul ishlashning noodatiy yoʻlini topdi
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 2026-yilgi Jahon chempionati finaliga mezbonlik qiladigan Nyu-Yorkdagi stadion chimining bir qismini sotuvga chiqaradi. Bu haqda The Athletic nashri xabar bermoqda.
Manbaning yozishicha, uzoq muddat saqlanishi uchun maxsus smola (smola ichiga joylashtirilgan) bilan qoplangan har bir chim bo‘lagining narxi 450 dollardan 3000 dollargacha bo‘ladi. Maydon bo‘laklarini xaridorlarga yetkazib berish 19-iyul kungi final bahsidan so‘ng boshlanadi. Chim bo‘laklarini faqatgina AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa davlatlarida istiqomat qiluvchi muxlislar sotib olishlari mumkin.
Akril g‘ilof JCh-2026 logotipi, o‘yin o‘tkazilgan joy, sana va uchrashuvning yakuniy hisobi bilan bezatiladi. Shuningdek, to‘plam tarkibidan chimning haqiqiyligini tasdiqlovchi sertifikat yozilgan USB-disk ham o‘rin oladi. Ushbu esdalik sovg‘alarini ishlab chiqarish bilan Buyuk Britaniya kompaniyasi shug‘ullanmoqda. Ular xaridorlarga 450, 900, 1200 va 3000 dollar qiymatga ega bo‘lgan to‘rt xil variantni taklif qilmoqda. Har bir variant atigi 2026 dona nusxada cheklangan tirajda chiqariladi. Agar barcha nusxalar to‘liq sotilsa, bundan 11,2 million dollardan ortiq daromad olinishi kutilmoqda.
Ma’lumot uchun, 2026-yilgi Jahon chempionati 11-iyundan 19-iyulga qadar AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida bo‘lib o‘tmoqda.