FIFA prezidenti Gianni Infantino va sportimiz rahbariyati Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi
Gianni Infantino boshchiligidagi FIFA delegatsiyasi, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikramov, Osiyo Olimpiya kengashi vitse-prezidenti, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov hamda boshqa rasmiylar hamrohligida Toshkent shahrida barpo etilgan Olimpiya shaharchasiga tashrif buyurdi.
2022 yil 9 noyabrda qurilishi boshlangan Olimpiya shaharchasi xalqimizning yuksak bunyodkorlik salohiyati va o‘zbek sportining olamshumul yutuqlari ramziga aylanishi, me’moriy jihatdan mukammalligi, energiya tejamkorligi hamda eng ilg‘or innovatsion yechimlarni mujassam qilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi.
100 gektardan ortiq maydonda qad rostlagan ushbu majmua o‘z ichiga bir nechta sport turlari uchun mo‘ljallangan zamonaviy inshootlarni birlashtiradi. Ular ko‘p funksiyali bo‘lib, turli sport turlari bo‘yicha xalqaro miqyosdagi musobaqalarni o‘tkazishga to‘liq tayyor hisoblanadi.
FIFA prezidenti Gianni Infantino o‘z navbatida ushbu sport infratuzilmasini yuqori baholab, O‘zbekistonda sport sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va yaratilayotgan zamonaviy sharoitlarni e’tirof etdi.