FIFA “Navbahor”ga ruxsat berdi: transfer taqiqi bekor qilindi
Namanganning “Navbahor” jamoasi uchun xalqaro darajada muhim yangilik ma’lum qilindi — jamoaga FIFA tomonidan joriy etilgan transfer taqiqi rasman olib tashlandi. Bu haqda 25 iyul kuni O‘zbekiston Professional futbol ligasi matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu qaror ayniqsa muhim, chunki O‘zbekistonda yozgi transfer oynasi 30 iyul kuni yakunlanadi. Demak, “Navbahor”da tarkibni mustahkamlash uchun juda kam vaqt qoldi.
Avvalroq klubning yangi futbolchilarni ro‘yxatdan o‘tkazishi taqiqlangan edi. Bu chora klubning sobiq futbolchisi, gruziyalik Giorgi Nikabadzega bo‘lgan qarzlari tufayli joriy etilgandi. Ammo UzPFL ma’lumotiga ko‘ra, “Navbahor” o‘z majburiyatlarini to‘liq ado etgan.
O‘tgan mavsumda Superligada to‘rtinchi o‘rinni egallagan namanganliklar bu yil hozircha barqaror o‘yin ko‘rsatmayapti — jamoa jadvalda yettinchi o‘rinda boryapti.