FIFA JCH—2026 stadionlariga Eronning eski bayrogʻini olib kirishni taqiqlashi mumkin
Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) 2026-yilgi Jahon chempionati oʻyinlari oʻtadigan stadionlarga Eronning inqilobdan oldingi eski bayrogʻini olib kirishni yana ta’qiqlashi kutilmoqda. Bu haqda The Athletic nashri xabar berdi.
“Arslon va quyosh” tasviri tushirilgan ushbu eski bayroq Eron diasporasi vakillari tomonidan keng qoʻllaniladi. Muxlislar undan oʻzlik ramzi va amaldagi Eron hukumatiga qarshi norozilik belgisi sifatida foydalanishadi.
The Athletic nashri boʻlajak turnir davomida mazkur ramz yoki unga aloqador kiyimlarning stadionlarga kiritishi yuzasidan xalqaro tashkilotga savol bergan. FIFA esa oʻz javobida stadionlarda har qanday siyosiy, diniy yoki kamsituvchi mazmundagi materiallarni ta’qiqlovchi qoidalar mavjudligini eslatib oʻtgan.
FIFA bunday cheklovni birinchi marta qoʻllayotgani yoʻq. JCh-2022 oʻyinlarida ham ushbu bayroqni koʻtargan yoxud Eron hukumatiga qarshi yozuvlar tushirilgan kiyim kiygan ayrim muxlislar Qatar stadionlariga kiritilmagan edi.
Maʼlumot uchun, JCh-2026 bahslari 11-iyundan 19-iyulga qadar AQSh, Kanada va Meksika maydonlarida boʻlib oʻtadi. Bu galgi mundialda tarixda ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etadi.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq Kongo DR Ebola epidemiyasi tufayli Jahon chempionatida muxlislarsiz o‘ynashi mumkinligi haqida xabar berilgandi.