FIFA JCh-2026 uchun futbolchilarning maydonga tushish tartibini o‘zgartirmoqchi
FIFA 2026 yilgi Jahon chempionatida jamoalarning maydonga an’anaviy tarzda chiqib kelishidan voz kechishni rejalashtirmoqda. Bu haqda jurnalist Ben Jeykobs xabar berdi.
Hozirda FIFA vakillari an’anaviy yondashuv o‘rniga futbolchilarning maydonga chiqishining mutlaqo yangi formatini sinovdan o‘tkazmoqda. Shu bilan birga, tashkilot Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatining hal qiluvchi bosqichlarida qo‘llanilgan «yakka tartibda chiqish» tizimidan (stadion diktori har bir futbolchini alohida e’lon qilib maydonga chaqirishi) foydalanmoqchi emas.
Qayd etilishicha, FIFA har bir futbolchini shaxsiy darajada targ‘ib qilishni maqsad qilgan, biroq bunda basketboldagi NBA ligasiga xos bo‘lgan yondashuvni (Klublar o‘rtasidagi JCHda sinab ko‘rilgan variant) aynan nusxalamaslikka harakat qilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, JCh-2026 bahslari AQSH, Kanada va Meksika stadionlarida bo‘lib o‘tadi. Turnir 11 iyundan 19 iyulga qadar davom etishi belgilangan.