FIFA JCh-2026 finalidagi tanaffusni uzaytirishi mumkin
FIFA JCh-2026 final uchrashuvidagi tanaffus vaqtini odatdagi 15 daqiqadan 30 daqiqagacha uzaytirish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bunga final bahsida tashkil etilishi rejalashtirilgan yirik musiqiy shou sabab bo‘lishi mumkin.
Ma'lumotlarga ko‘ra, tarixda ilk bor Jahon chempionati finalida Super Bowl uslubidagi tanaffus shousi o‘tkaziladi. Unda Jastin Biber, Shakira, Madonna va BTS kabi jahon yulduzlari ishtirok etishi kutilmoqda. Musiqiy dastur taxminan 11 daqiqa davom etadi, qolgan vaqt esa sahnani o‘rnatish va yig‘ishtirish uchun kerak bo‘ladi.
Biroq bunday qaror futbol jamoatchiligida bahs-munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Amaldagi futbol qoidalariga ko‘ra, tanaffus 15 daqiqadan oshmasligi kerak. Mutaxassislar va sobiq futbolchilar tanaffusning uzaytirilishi futbolchilarning jismoniy holati va o‘yin ritmiga salbiy ta'sir qilishi mumkinligini ta'kidlamoqda.
Eslatib o‘tamiz, JCh-2026 final uchrashuvi 19-iyul kuni AQSHning MetLife Stadium stadionida bo‘lib o‘tadi. Bu tarixdagi ilk Jahon chempionati finali bo‘lib, unda maxsus tanaffus shousi tashkil etilishi rejalashtirilgan.