FIFA Jahon chempionati huquqlari bo‘yicha bayonot berdi: “Hech kim futbolni sotayotgani yo‘q”
FIFA Jahon chempionati va boshqa yirik musobaqalarning tijoriy huquqlarining bir qismini xususiy investorlarga topshirish rejasi yuzasidan rasmiy bayonot bilan chiqdi. Tashkilot tarqalgan tanqidlarga javoban: “Hech kim futbolni sotayotgani yo‘q”, deya ta'kidladi.
FIFA ma'lum qilishicha, taklif etilayotgan loyiha futbolni xususiylashtirishni emas, balki musobaqalarning tijoriy faoliyatini yanada samarali boshqarish va 211 ta milliy assotsiatsiyaga ko‘proq mablag‘ yo‘naltirishni ko‘zda tutadi. Shuningdek, tashkilot yangi tuzilma ustidan to‘liq nazorat FIFA qo‘lida qolishini ta'kidladi.
Bayonotda FIFA barcha konfederatsiyalar va milliy assotsiatsiyalar bilan ochiq maslahatlashuv jarayoni davom etishini bildirgan. Tashkilot ushbu tashabbus futbolni rivojlantirish uchun yangi imkoniyatlar yaratishiga ishonch bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq UEFA va unga a'zo 55 ta milliy assotsiatsiya FIFAning mazkur rejasiga keskin qarshi chiqib, Jahon chempionati futbolning umumiy merosi ekanini ta'kidlagan hamda loyiha bekor qilinmasa, FIFA musobaqalarini boykot qilishini ma'lum qilgan edi.