locale OZ

FIFA Ispaniyani musulmonlarni kamsitgani uchun jazoladi

Bunga 2026-yil mart oyida Misrga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida ispaniyalik muxlislarning musulmonlarga qarshi haqoratli hayqiriqlari sabab bo‘ldi.
FIFA Ispaniyani musulmonlarni kamsitgani uchun jazoladi
Foto: Getty Images

Xalqaro futbol federatsiyasi (FIFA) Ispaniya terma jamoasiga nisbatan intizomiy jazo qo‘lladi. Bunga 2026-yil mart oyida Misrga qarshi o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida ispaniyalik muxlislarning musulmonlarga qarshi haqoratli hayqiriqlari sabab bo‘ldi. FIFA Ispaniya futbol federatsiyasini 20 ming dollar jarimaga tortib, terma jamoaning navbatdagi uy o‘rtoqlik uchrashuvida stadion sig‘imining kamida 15 foizini yopishga qaror qildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, 31-mart kuni Barselonadagi ‘‘RCDE Stadium’’da bo‘lib o‘tgan Ispaniya — Misr uchrashuvida mahalliy muxlislar ikki bor musulmonlarga qarshi hayqiriqlar qilgan. Jumladan, tribunadan ‘‘Kim sakramasa, musulmon’’ degan shior yangragan. Vaziyat takrorlangach, stadion suxandoni muxlislarni ogohlantirgan va katta ekranda kamsitishning har qanday ko‘rinishiga qarshi maxsus xabar namoyish etilgan. Mazkur uchrashuv 0:0 hisobida yakunlangan.

Hodisa Ispaniya terma jamoasi va ‘‘Barselona’’ futbolchisi Lamin Yamalning ham keskin noroziligiga sabab bo‘lgan. Musulmon futbolchi muxlislarning harakatini hurmatsizlik va irqchilik deb baholab, dinni haqorat vositasiga aylantirishni qoralagan. Ispaniya futbol federatsiyasi esa intizomiy jarayonda hayqiriqlarni boshqa modda asosida ko‘rib chiqishni so‘ragan. Biroq FIFA bu e’tirozni rad etib, mazkur holatni kamsitish deb topgan. Federatsiya dastlabki apellyatsiyasi ham rad etilgach, Sport arbitraj sudiga (CAS) murojaat qilishga qaror qilgan.

Ma’lumot uchun, FIFA qaroriga ko‘ra, Ispaniya terma jamoasining navbatdagi uy o‘rtoqlik uchrashuvida stadiondagi o‘rinlarning kamida 15 foizi oddiy muxlislar uchun yopilishi kerak. Shu bilan birga, ushbu joylardan oilalar, talabalar va kamsitishga qarshi kurashuvchi tashkilotlar vakillari uchun foydalanishga ruxsat berilishi mumkin. FIFA intizom qo‘mitasi Ispaniya federatsiyasining hodisaga tezkor munosabat bildirgani va mas’ullarni aniqlashda hamkorlik qilganini inobatga olgan. Hozircha jazo kuchda qolmoqda.

Sports24.uz Bizni kuzating
Asosiy voqealarni kuzatib boring! Yangiliklar, natijalar va sportdagi eng yorqin lahzalar. Kuzating va eng muhim voqealardan xabardor bo'ling!
Izohlar
Izoh qoldirish uchun ro'yxatdan o'ting