FIFA Argentina masalasida JCh yakuniga qadar qaror chiqarmaydi
FIFA Argentina terma jamoasi futbolchilarining Angliyaga qarshi JCh-2026 yarim finalidan keyin ko‘targan “Malvina orollari Argentinaniki” mazmunidagi siyosiy banneri bo‘yicha Jahon chempionati yakuniga qadar hech qanday intizomiy jazo qo‘llamaydi.
Ma'lumotlarga ko‘ra, FIFA ushbu holat yuzasidan barcha materiallarni o‘rganadi, biroq ehtimoliy intizomiy ish va yakuniy qaror musobaqa tugaganidan keyin ko‘rib chiqiladi. Shu sababli Argentina terma jamoasining finaldagi ishtiroki mazkur mojaro sabab xavf ostida emas.
Eslatib o‘tamiz, Argentina futbolchilari Angliya ustidan qozonilgan 2:1 hisobidagi g‘alabadan so‘ng maydonda “Las Malvinas son Argentinas” (“Malvina orollari Argentinaniki”) degan yozuv tushirilgan banner bilan suratga tushgan edi. Mazkur banner Argentina va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi uzoq yillik hududiy nizoga ishora qilgani sababli bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.
Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, agar qoidabuzarlik tasdiqlansa, Argentina futbol assotsiatsiyasiga nisbatan moliyaviy jarima yoki rasmiy ogohlantirish qo‘llanishi mumkin. Hozircha FIFA tomonidan bu borada rasmiy hukm e'lon qilinmagan.