«Feyenoord» Rahim Sterling bilan shartnomani bekor qilishi mumkin
«Feyenoord» klubi hujumchi Rahim Sterling bilan shartnoma imzolaganidan atigi ikki kun o‘tib, ushbu kelishuvni bekor qilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Intizomiy qoidabuzarlik tufayli futbolchiga klub mashg‘ulotlarida qatnashish taqiqlangan. Bu haqda Topskills Sports UK sahifasi xabar bermoqda.
Manba ma’lumotlariga ko‘ra, transfer amalga oshganidan 24 soat o‘tgach, Sterlingga klub bazasiga kirish rasman taqiqlangan. Hozirda uning shartnomasi yaqin vaqt ichida bekor qilinishi mumkinligi aytilmoqda. «Feyenoord» rahbariyati futbolchi tomonidan sodir etilgani taxmin qilinayotgan jiddiy intizomiy qoidabuzarlik yuzasidan shoshilinch surishtiruv ishlarini boshlagan.
Garchi transfer 12 fevral kuni rasman tasdiqlangan bo‘lsa-da, klub Sterlingning jamoaga qo‘shilish jarayonini to‘xtatib qo‘ydi. Agar ayblovlar o‘z tasdig‘ini topsa, futbolchiga nisbatan shartnomani darhol bekor qilish yoki klub faoliyati bilan bog‘liq har qanday jarayondan uzoq muddatli chetlatish chorasi qo‘llanilishi mumkin.
Hozircha na klub mutasaddilari, na futbolchining vakillari ushbu vaziyat yuzasidan rasmiy izoh berishgani yo‘q.