Ferran Torres «PSJ»ga o'tadi – manba
«Barselona» hujumchisi Ferran Torres 2026 yilgi Jahon chempionatidan so‘ng «PSJ»ga o‘tishga rozilik berdi. Ispaniya terma jamoasi forvardi klubini almashtirish niyatida. Bu haqda Sky Sports jurnalisti Luka Bendoni ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida ma’lum qildi.
Manbaga ko‘ra, Torresning «Barselona» bilan shartnomasini uzaytirish masalasi hozirgi vaziyatda «juda qiyin» ko‘rinmoqda. Shu bilan birga, kataloniyaliklar Dortmundning «Borussiya» klubi hujumchisi Karim Adeyemini transfer qilish bo‘yicha kelishuvga erishgan.
Ferran Torres 2022 yil yanvaridan buyon «Barselona» safida to‘p surib kelmoqda.
2025/2026 yilgi mavsumda 26 yoshli hujumchi barcha musobaqalarda 49 ta uchrashuvda ishtirok etib, 21 ta gol urdi va 3 ta golli uzatmani amalga oshirdi.
Transfermarkt ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 50 million yevroni tashkil etadi. Uning «Barselona» bilan amaldagi shartnomasi 2027 yil yozigacha mo‘ljallangan.