Fernandino: “Manchester Siti” aybdor deb topiladigan kun kelishini bilardim
“Manchester Siti”ning sobiq yarim himoyachisi Fernandino klub atrofidagi moliyaviy mojaro yuzasidan fikr bildirdi. Braziliyalik futbolchi Premyer-liga tomonidan olib borilgan tergov yakunida klub moliyaviy qoidabuzarliklarda aybdor deb topilgani uni ajablantirmaganini aytdi. Bu haqda FullTime Report nashri xabar bermoqda.
Manbaga ko‘ra, Fernandino klub ichida ayrim noqonuniy holatlar yuz berayotganidan ba’zi futbolchilar xabardor bo‘lganini ta’kidlagan. Uning aytishicha, rahbariyat bu jarayonlarning qonuniy ekanini va Premyer-liga vaziyatdan xabardorligini tushuntirgan. Sobiq futbolchi shu sababli o‘sha paytda ular o‘z vazifalarini bajarishda davom etganini bildirgan.
29-sentabr kuni mustaqil komissiya “Manchester Siti”ni 2009/10—2017/18 mavsumlari oralig‘idagi jiddiy moliyaviy qoidabuzarliklar bo‘yicha aybdor deb topdi. Komissiya klub daromadlarini sun’iy ravishda oshirish va xarajatlarni kamaytirib ko‘rsatishga xizmat qilgan soxta tijoriy kelishuvlar mavjud bo‘lganini aniqladi. “Manchester Siti” esa qaror ustidan apellyatsiya berdi, yakuniy sanksiyalar hozircha e’lon qilinmagan.
Ma’lumot uchun, Fernandino “Manchester Siti” safida 2013-yildan 2022-yilgacha to‘p tepgan. U klub libosida 383 ta uchrashuv o‘tkazgan, ikki yil sardorlik qilgan va “shaharliklar” bilan 13 ta yirik sovrin qo‘lga kiritgan.