Fermin Lopes Flik undan nimalarni talab qilishini aytdi
“Barselona” yarim himoyachisi Fermin Lopes jamoa bosh murabbiyi Hans-Diter Flik undan maydonda qanday vazifalarni bajarishni talab qilishi haqida gapirdi. Ispaniyalik futbolchining ta’kidlashicha, murabbiy uning hujumdagi imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanishni istaydi.
Lopesning so‘zlariga ko‘ra, Flik undan bo‘sh hududlarga kirib borish, jarima maydoniga faol qo‘shilish, darvozaga zarba berish va golli uzatmalar amalga oshirishni talab qiladi. Shu bilan birga, yarim himoyachi to‘p yo‘qotishlarini imkon qadar kamaytirishi kerakligini ham qayd etdi.
Fermin murabbiyning uning imkoniyatlarini yaxshi bilishini ta’kidlab, yangi mavsumda ham jamoaga gol va assistlar orqali foyda keltirishga harakat qilishini bildirdi. O‘tgan mavsumda “Barselona” tarbiyalanuvchisi barcha musobaqalarda 48 ta uchrashuvda maydonga tushib, 13 ta gol urdi va 17 ta golli uzatma amalga oshirdi.
Ma’lumot uchun, “Barselona” 2026/27-yilgi mavsumdagi ilk rasmiy uchrashuvini 23-avgust kuni La Liga doirasida “Elche”ga qarshi o‘tkazadi.