«Fenerbaxche» Rafael Leauni o‘z safiga qo‘shib olmoqchi
Turkiyaning «Fenerbaxche» klubi Superligada chempionlik uchun kurashish maqsadida tarkibni yulduz futbolchilar bilan kuchaytirishga qiziqish bildirmoqda. Sabah nashrining xabar berishicha, Istanbul klubi Italiyaning «Milan» jamoasi tarkibida to‘p surayotgan 26 yoshli portugaliyalik vinger Rafael Leauning harakatlarini kuzatmoqda.
Manba bergan ma’lumotlarga ko‘ra, A Seriya klubi futbolchi bo‘yicha 50 million yevrodan 60 million yevrogacha bo‘lgan diapazondagi takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. Leauning vakillari esa Yevropaning yetakchi ligalari klublaridan aniq takliflar kutishmoqda. Shuningdek, portugaliyalik futbolchiga «Manchester Yunayted», «Pari Sen-Jermen» va «Chelsi» kabi jamoalar ham qiziqish bildirayotgani aytilmoqda.
Leauning «Milan» bilan amaldagi shartnomasi 2028 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan. Transfermarkt portali ma’lumotlariga ko‘ra, futbolchining bozor qiymati 65 million yevroni tashkil etadi.