“Fenerbahche” Lukaku transferi bo‘yicha “Napoli” bilan kelishuvga erishdi
“Fenerbahche” “Napoli” hujumchisi Romelu Lukakuni o‘z safiga qo‘shib olishga yaqin turibdi. Fabrizio Romano ma’lumotiga ko‘ra, turk klubi belgiyalik futbolchi uchun yuborgan ikkinchi rasmiy taklifidan so‘ng muzokaralarda katta siljishga erishgan.
Manbaga ko‘ra, “Napoli” 6 million yevrodan ortiq qiymatdagi taklifni qabul qilishga tayyor. “Fenerbahche”ning dastlabki taklifi rad etilgandi, biroq ikkinchi taklifdan so‘ng tomonlar kelishuvga juda yaqinlashgan.
Lukaku ham Istanbul klubiga o‘tishga rozilik bildirgan va futbolchi tomoni bilan shaxsiy shartlar bo‘yicha asosiy masalalar hal qilingan. Hozirda klublar transferni yakunlash uchun hujjatlar va so‘nggi tafsilotlar ustida ishlamoqda.
33 yoshli hujumchi 2026-yilgi jahon chempionatida Belgiya terma jamoasi safida uchta gol urib, bitta golli uzatmaga mualliflik qilgan. Agar transfer yakunlansa, Lukaku faoliyatini Turkiya Superligasida davom ettiradi.