Federiko Kyeza Italiya terma jamoasi ixtiyorini tark etdi
«Liverpul» hujumchisi Federiko Kyeza Italiya terma jamoasi lagerini tark etdi. Uning o‘rniga «Bolonya» vakili Nikolo Kambyagi jamoaga jalb etildi. Bu haqda Italiya futbol federatsiyasi (FIGC) rasmiy sayti xabar bermoqda.
«Futbolchi Federiko Kyeza Federal texnik markazga yetib kelganidan so‘ng uning holati baholandi va u bo‘lajak ikkita uchrashuvda ishtirok eta olmasligi ma’lum bo‘ldi. Klub bilan kelishilgan holda, futbolchi milliy terma jamoa mashg‘ulot yig‘inini tark etdi. Uning o‘rniga «Bolonya» a’zosi Nikolo Kambyagi chaqiruv oldi», — deyiladi FIGC xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 26 mart kuni Italiya terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanma beruvchi o‘tish turniri yarimfinalida Shimoliy Irlandiyaga qarshi maydonga tushadi. Agar «Skuadra Adzurra» ushbu bosqichdan muvaffaqiyatli o‘tsa, hal qiluvchi bahsda Uels — Bosniya va Gersegovina juftligi g‘olibi bilan kuch sinashadi.